2023-yil 21-dekabr kuni OʻzDJTU rektori I. Tuxtasinov Xitoyning Liadong universiteti Partiya qoʻmitasi kotibi (1-rektori) Zhou Jing Lei, Xalqaro almashinuv dasturlari va hamkorlik boʻlimi direktori XuTong va Xalqaro almashinuv dasturlari va hamkorlik boʻlimi direktori Dong Ranni qabul qildi. 

Maʼlumot uchun: 1912-yilda tashkil etilgan Liadong universiteti Lyaonin provinsiyasidagi 32 ta oliygoh oʻrtasida 5-oʻrinda turadi. Mazkur universitetda 20 000 nafar talaba tahsil oladi. Professor-oʻqituvchilar soni 160 tani tashkil etadi. Tarkibida 58 ta fakultet va 16 ta institut boʻlib, xitoyshunoslik, xorijiy tillar, tibbiyot, iqtisod, menejment, turizm, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlaydi.

 Universitet, Yaponiya, Koreya, Rossiya, Mongoliya kabi davlatlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi. XXR Taʼlim vazirligi Oʻrta Osiyo davlatlari bilan taʼlim va fan sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun alohida mablagʻ ajratadi.

 

 Rossiya va Koreya oliygohlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Hozirgi kunda OʻzDJTUning 22 nafar talabasi ushbu universitetda grant asosida tahsil olmoqda. 

Xitoy tomoniga til sohiblarini OʻzDJTUga xitoy tilidan dars berish va mahalliy oʻqituvchilar bilan tajriba almashish, universitet professor-oʻqituvchilari uchun malaka oshirish va stajirovka dasturlarini tashkil qilish, talabalarimiz uchun grantlar ajratish, birgalikda xalqaro anjumanlar va seminarlar tashkil qilish hamda Liadong universiteti talabalari uchun qishki va yozgi til va madaniyat dasturlarini tashkillashtirish boʻyicha takliflar berildi. 

Zhou Jing Lei oʻz sozida OʻzDJTU tomonidan bildirilgan takliflarni qoʻllab-quvvatlashini har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Jumladan, XXR Taʼlim vazirligi Til taʼlimi va hamkorlik markazi tomonidan OʻzDJTUning 30 nafar talabasi uchun fevral-aprel oylariga rejalashtirilgan 2 haftalik qishki maktab dasturida ishtirok etishi uchun mablagʻ ajratganligini taʼkidlab oʻtdi. Shu bilan birga, Sharq filologiyasi fakultetida “Xitoy tili markazi” va “Smart Classlar” tashkil qilish, Markaz qoshida “HSK test markazi” ishini yoʻlga qoʻyish, xitoy tili va xitoyshunoslik boʻyicha oʻquv adabiyotlari, qoʻllanmalar va boshqa materiallarni yetkazib berish, Til taʼlimi va hamkorlik markazi koʻmagida OʻzDJTUda xitoyshunoslik loyihasini amalga oshirish, hammualliflikda xitoy tili boʻyicha darsliklar yaratishda amaliy va moliyaviy yordam berishini aytib oʻtdi. Xususan, Xitoyga qaytishi bilan darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yuborishini alohida taʼkidladi.

Rektor I. Tuxtasinov 2024-yil yanvar oyida Pekin shahrida boʻlib oʻtadigan “Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari taʼlim koʻrgazmasi” doirasida Liadong universitetida “Oʻzbek tili markazi”ni ochish taklifini berdi. Shuningdek, kelgusi oʻquv yilidan qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish masalasini koʻrib chiqishga tayyorligini maʼlum qildi. 

Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor A. Nasirov Liadong universiteti talabalarini universitetimizda oʻqitiladigan 17 ta til, jumladan rus, ingliz va boshqa tillar boʻyicha amaliyot oʻtash, qisqa muddatli dasturlarda ishtirok etish uchun OʻzDJTUga yuborish, ilmiy daraja va unvonga ega professor-oʻqituvchilarni universitetimizga yuborish, har ikki universitet ilmiy jurnallarida maqolalar chop etish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. 

Har ikki tomon kelgusida samarali hamkorlikni amalga oshirishga tayyor ekanligini maʼlum qildilar.

 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube