Joriy o‘quv yilida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetining OAV yo‘nalishi bo‘yicha 12 nafar talabasi akademik almashinuv dasturi doirasida INTI International University’da tahsil olish uchun Malayziyaga yo‘l oldi. Talabalarni qabul qilish, ularning o‘quv jarayoniga moslashuvi hamda tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi Fayziyeva Dilaram xizmat safari bilan mazkur universitetda bo‘ldi.
Xizmat safari davomida tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq universitet ma’muriyati va mas’ul xodimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Talabalarning o‘quv jadvali, auditoriya mashg‘ulotlari hamda amaliy darslardagi ishtiroki yaqindan kuzatildi. Shuningdek, ularning akademik va ijtimoiy moslashuvi, yashash sharoiti hamda kampus hayoti o‘rganildi. Talabalar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlar davomida ular dars jarayonlarining mazmunli tashkil etilgani, o‘qituvchilarning professionalligi va amaliy mashg‘ulotlarning yuqori samaradorligini alohida ta’kidlashdi.

INTI International University’da haqiqiy talabalik muhiti hukm suradi. Erkin muloqot, guruhli loyihalar, zamonaviy kutubxona, raqamli ta’lim resurslari hamda faol kampus hayoti talabalarning mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu esa bo‘lajak jurnalist va media mutaxassislarining kasbiy shakllanishi uchun muhim zamin yaratadi.
Xizmat safari yakunida hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, olingan tajribalar yuzasidan O‘zDJTU rahbariyatiga tegishli axborot va xulosalar taqdim etildi. Mazkur akademik almashinuv dasturi ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi alohida qayd etildi.
Ma’lumot uchun: Malayziyada joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — INTI International University xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimi, ilg‘or o‘quv dasturlari hamda zamonaviy infratuzilmasi bilan ajralib turadi. Universitet dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan talabalarni birlashtirib, ularga nafaqat sifatli bilim olish, balki ko‘p madaniyatli muhitda tajriba orttirish imkoniyatini ham yaratadi.