168-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Первый раз в первый класс” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy tadbir tashkil etildi

2026-yil 29-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda 168-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik dasturi doirasida maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Первый раз в первый класс” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili amaliy fanlar-3 kafedrasi o‘qituvchilari Isamuxamedova M.N. va Kambarova D.M. olib bordilar.

Tadbirning asosiy maqsadi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining maktab hayotiga moslashish jarayonini qo‘llab-quvvatlash, ularda ta’lim olishga bo‘lgan qiziqish va ijobiy munosabatni shakllantirish, maktab, ustoz va tengdoshlariga nisbatan hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida o‘quvchilarga maktab — bilim va tarbiya maskani ekanligi, ustozlarni hurmat qilish, maktab qoidalariga rioya etish, sinfdoshlari bilan do‘stona munosabatda bo‘lish, dars jarayonida faol ishtirok etish hamda o‘z oldiga ezgu maqsadlar qo‘yishning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.

Shuningdek, kichik yoshdagi o‘quvchilarning yosh xususiyatlari inobatga olingan holda tadbir qiziqarli muloqot, savol-javob, interaktiv mashg‘ulotlar va tarbiyaviy suhbatlar asosida tashkil etildi. O‘quvchilar tadbirda faol qatnashib, o‘z fikrlarini erkin ifodaladilar hamda berilgan topshiriqlarda katta qiziqish bilan ishtirok etdilar.

Tadbir jarayonida o‘quvchilarga yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyatda boshlash, bilim olishga intilish, kitob o‘qishga mehr uyg‘otish, do‘stlariga yordam berish va maktab jamoasining faol a’zosi bo‘lish bo‘yicha tavsiyalar berildi.


Mazkur tadbir universitet va umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, universitet o‘qituvchilarining maktab o‘quvchilari bilan pedagogik va tarbiyaviy yo‘nalishdagi faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga munosib hissa qo‘shish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube