9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Bugun universitet rahbariyati vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan birgalikda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Vatan ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlar xotirasini yod etdilar. Majmua poyiga gulchambarlar qo‘yilib, marhumlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

 

 

Tashrif davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashlarda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini ado etish chog‘ida jon fido etgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasi alohida ehtirom bilan tilga olindi. Ularning jasorati, fidoyiligi va Vatan oldidagi xizmatlari yosh avlod uchun ibrat ekani alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga tashrif buyurib, qatag‘on qurbonlarining hayoti, ilmiy merosi va faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Muzey ekspozitsiyalari orqali o‘sha davrning murakkab va sinovli jarayonlari, xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir sinovlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lindi.

Tadbir davomida tarixiy maskanlarning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlanib, bu kabi joylar tarixiy xotirani asrash, ajdodlar merosini chuqur o‘rganish hamda uni kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shuningdek, talaba-yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va ma’naviy mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashda bunday tashriflarning tarbiyaviy ahamiyati yuqori ekani alohida urg‘ulandi. Bu kabi tashabbuslar yoshlarni tarixga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning dunyoqarashini kengaytirish va fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mazkur tadbirlar joriy yilda belgilangan “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

 

 

Tadbirlarning asosiy mazmuni — qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, ularning boy ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, xotirasini abadiylashtirish hamda bu boradagi bilim va tushunchalarni yoshlar o‘rtasida keng yoyishga qaratilgan. Shu orqali yosh avlod qalbida ajdodlarga hurmat, tarixga e’tibor va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube