Britaniyaning Uorvik universiteti professorlari O‘zDJTUga tashrif buyurdi
9-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Britaniyaning Uorvik universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Uorvik universiteti professori Fiona Kopland hamda dotsent Kamila Tangirova, shuningdek, O‘zDJTU tomonidan ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, bo‘lim boshlig‘i X. Yuldashev, Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Feruza Rashidovalar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar qisqa muddatli tashabbuslar bilan cheklanib qolmay, uzoq muddatli strategik akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, 2027–2028-o‘quv yilidan boshlab qo‘shma bakalavriat va magistratura dasturlarini yo‘lga qo‘yish, barcha akademik jarayonlarni muvofiqlashtirish, ta’lim sifatini ta’minlash va dasturlarni integratsiya qilish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, doktorantura yo‘nalishlari doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, jumladan, ta’lim sifati, o‘qituvchilar tayyorlash, ta’limning ijtimoiy jihatlari hamda ta’lim tizimlarini transformatsiya qilishda ingliz tilining roli kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Uchrashuvda qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ta’lim platformasini yaratish, o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha maxsus laboratoriya tashkil etish, trening va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida professor Fiona Kopland tomonidan akademik yozuv va ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish mavzusida ma’ruza taqdim etildi.
Tomonlar kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish va aniq loyihalar asosida davom ettirishga kelishib oldilar.