Indoneziyaning Malang davlat universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 27-noyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Indoneziyaning Malang davlat universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Malang davlat universiteti Reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Dr. Utomo Pujiyanto hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi Ahmad Yogi ishtirok etdi.

 

 

O‘zDJTU tomonidan rektor I. Tuxtasinov, prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i B. Nishanaliev, Ikkinchi chet tillari kafedrasi mudiri E. Muydinova hamda malay tili o‘qituvchisi A. Yuldashev ishtirok etdi.

Muloqot davomida talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, yozgi maktablar va talabalar amaliyotini tashkil etish, o‘qituvchilarni dars berish uchun jalb qilish, xalqaro reytinglar bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish, shuningdek masofaviy ma’ruzalar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Malang davlat universiteti vakillari talabalar va doktorantlar uchun mavjud grantlar, jumladan Indoneziya hukumati tomonidan to‘liq va qisman moliyalashtiriladigan grantlar mavjudligini ma’lum qilib, O‘zDJTU talabalari uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyorligini alohida ta’kidladilar.

 

 

O‘z navbatida, I. Tuxtasinov Malang davlat universiteti talabalari uchun ham grantlar ajratilishi mumkinligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Anglashuv memorandumini imzoladilar va endilikda amaliy ishlarni boshlash maqsadida Yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube