15-aprel kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili uchinchi fakultetida “Zamonaviy tilshunoslikda globallashuv muammolari va yechimlari, til siyosati hamda lingvistik identifikatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Mazkur konferensiya zamonaviy tilshunoslikning dolzarb masalalariga bagʻishlanib, unda globallashuv jarayonida til siyosati va lingvistik identifikatsiya muammolari hamda ularning yechimlari keng muhokama qilindi.

Tadbirni universitet rektori Ilhomjon Tuxtasinov ochib berib, oʻz nutqida bugungi kunda tilshunoslik sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Konferensiyada xorijiy va mahalliy olimlar faol ishtirok etib, oʻz ilmiy maʼruzalari bilan qatnashdilar. Jumladan, Tony Liddicoat, Michelle Bedecker, Musa Yavuz Alptekin, Mahanbet Djusupov, Sedigheh Shakib Kotamjani, Ergasheva Guli Ismailovna hamda Rebecca Reel kabi mutaxassislar zamonaviy tilshunoslikdagi dolzarb muammolar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Konferensiya davomida til siyosati, madaniyatlararo kommunikatsiya, global muhitda lingvistik oʻzlikni saqlab qolish kabi masalalar atroflicha muhokama qilinib, ishtirokchilar oʻrtasida samarali fikr almashinuvi tashkil etildi.

Mazkur xalqaro konferensiya ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda tilshunoslik sohasida yangi ilmiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy platforma sifatida e’tirof etildi.