KANGWON MILLIY UNIVERSITETI DELEGATSIYASI O‘ZDJTUDA

KANGWON MILLIY UNIVERSITETI DELEGATSIYASI O‘ZDJTUDA

Bugun, 5-oktabr kuni Koreya Respublikasining Kangwon National University delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i F. Rashidova, Xalqaro hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi D. Xodjabekova, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djuraev hamda Koreys filologiyasi kafedrasi mudiri M. Absalomov, Kangwon universiteti tomonidan esa xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Yi Xyun Kim, ijrochi direktor Li Min Xi va Xalqaro hamkorlik bo‘limi direktori Yun Ji-Yang ishtirok etdi.

 



Muloqot avvalida O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov mehmonlarni universitetda samimiy kutib olib, O‘zDJTU faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, universitetda koreys tilini o‘qitish jarayoni, koreys tili bo‘yicha faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar hamda Koreya Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zDJTUda koreys tili 1995-yildan ikkinchi til sifatida, 2017-yildan esa asosiy chet tili sifatida o‘qitib kelinmoqda. Bugungi kunda koreys tili guruhlarida 1000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Koreys tilidan jami 32 nafar mutaxassis, jumladan, 8 nafar koreyalik mutaxassis dars bermoqda.

Uchrashuv davomida tomonlar 3+3 va 2+2 formatlaridagi qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, franchayzing asosidagi transmilliy ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish, King Sejong instituti hamda Koreya ta’lim markazini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, 2026-yil 10–13-noyabr kunlari Kangwon universitetida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiyada ishtirok etish, franchayzing yo‘nalishidagi hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, akademik mobillik hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 



Tomonlar hamkorlikni koreys tili va koreysshunoslik bilan cheklab qolmasdan, tarjimashunoslik va sinxron tarjima, sun’iy intellekt va til texnologiyalari, elektron ta’lim, qo‘shma ilmiy konferensiya va seminarlar, talabalar akademik mobilligi hamda madaniy loyihalar kabi yo‘nalishlarda ham rivojlantirishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida O‘zDJTU va Kangwon Milliy universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim va ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube