Koreya madaniyat va ta’lim markazi ochilish marosimi
21-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Koreya madaniyat va ta’lim markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, KOICA O‘zbekiston vakolatxonasi direktori Shin Myung Seop, KIDC tashkiloti bosh kotibi Kim Bok Hee, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mazkur tadbir universitetda amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalarning muhim bosqichlaridan biri sifatida tashkil etildi.
Ushbu markaz O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va KOICA o‘rtasida 2025-yil 16-yanvar kuni imzolangan memorandum asosida amalga oshirilayotgan 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida tashkil etildi.
Tadbir doirasida rasmiy ochilish marosimi, mehmonlar tanishtiruvi, universitet rektorining nutqi hamda KOICA vakillarining tabrik so‘zlari bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, koreys milliy “Sogo” raqsi, talabalar tomonidan K-pop chiqishlari, o‘zbek milliy raqsi hamda “Samulnori” musiqiy dasturi namoyish etildi.
Loyiha 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning umumiy byudjeti 1 116 000 AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 155 000 AQSH dollari markazni tashkil etish va jihozlashga, 145 000 AQSH dollari esa moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda talabalar uchun tadbirlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Dastur doirasida jami 70 nafar ko‘ngilli jalb etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular 5 bosqichda mamlakatimizga tashrif buyuradi. Hozirgacha 38 nafar volontyor faoliyat olib borgan, ayni vaqtda esa 16 nafari turli yo‘nalishlarda ish olib bormoqda.
Shundan so‘ng Koreya madaniyat va ta’lim markazining ochilishi munosabati bilan tasma kesish marosimi tashkil etildi hamda ishtirokchilar markaz faoliyati bilan tanishdilar.
Tadbir yakunida Koreya madaniyat va ta’lim markazi faoliyatiga rasman start berildi.