Koreys tili va madaniyati markazi faoliyati o‘rganildi
2026-yil 8-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I. Tuxtasinov Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i hamda Sharq filologiyasi fakulteti dekani hamrohligida KOICA granti asosida tashkil etilayotgan Koreys tili va madaniyati markazida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida rektor markaz uchun KOICA tomonidan taqdim etilgan texnik vositalar, jihozlar, mebellar, shuningdek, Koreya milliy kiyimlari va cholg‘u asboblari bilan tanishdi. Markaz dizayni ko‘zdan kechirilib, loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar holati baholandi.
Shu bilan birga, 2026-yil 21-aprel kuni Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi hamda KOICA tashkiloti rahbarlari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan markazning ochilish marosimiga tayyorgarlik jarayonlari ham o‘rganildi.
Ma’lumot o‘rnida, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan kelishuv asosida universitetda koreys tili va madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan 1 116 000 AQSH dollari miqdoridagi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu davrda Koreyadan 70 nafar volontyor-o‘qituvchilar jalb etilishi rejalashtirilgan. Ular tomonidan koreys tili darslarini o‘tish, madaniy tadbirlar tashkil etish, shuningdek, taekvondo, raqs va musiqa to‘garaklarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunga qadar 38 nafar volontyor universitetga tashrif buyurgan. 8-apreldan yana 15 nafar volontyor adaptatsiya va o‘zbek tili kurslarida ishtirok etmoqda. Shundan so‘ng ular o‘z faoliyatini boshlaydi.