8-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.Fil.27.01 raqamli ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning 5-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Djаlilova Umida Tulqinovnaning 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, qiyosiy tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan “Abdulla Qahhor va Somersеt Moem asarlari tilining milliy-madaniy xususiyatlari: asliya va tarjima” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi muhokama qilindi.
Mazkur ilmiy tadqiqotda o‘zbek va ingliz adabiyoti namoyandalari – Abdulla Qahhor va Somersеt Moem ijodining lingvomadaniy jihatlari, ularning asarlarida ifoda topgan milliy ruh, estetik tafakkur, hamda tarjimada milliy-madaniy ko‘rsatkichlarning ifodalanish darajasi chuqur o‘rganilgan. Dissertatsiya dolzarb mavzusi, ilmiy yondashuvi va amaliy ahamiyati bilan e’tiborni tortdi.
Himoya jarayonida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov hamda rasmiy opponentlar, yetuk olimlar, ilmiy rahbarlar, doktorantlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari ilmiy ishning nazariy asoslari, tanlangan matnlarning qiyosiy tahlili va tarjima jarayonidagi yondashuvlar xususida atroflicha fikr almashishdi. Dissertantning mavzuga doir bilimlari, ilmiy saviyasi va mustaqil izlanish qobiliyati yuqori baholandi.