Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari Bojxona qoʻmitasida boʻlishdi.
Talabalar dastlab bojxona faoliyati tarixi, uning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida birlamchi koʻnikmalarga ega boʻlishlari uchun “Bojxona tarixi” muzeyi bilan tanishtirildi. Ushbu jarayonda yoshlarga muzeydan joy olgan sohaga oid koʻplab eksponatlar va ularning muhim ahamiyati tushuntirib berildi.
Muzeydagi bojxonaning qiziq oʻtmishidan soʻzlovchi turli eksponatlar talabalarda sohaga nisbatan iliq taassurot uygʻotish bilan birga, bojxonachi kasbi qanchalik masʼuliyatli va sharafli ekanligini yana bir bor isbotladi.
Shundan soʻng, boʻlajak jurnalistlar Bojxona qoʻmitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boʻlimi faoliyati bilan tanishdi.
Qizgʻin savol-javoblarga boy tarzda oʻtgan oʻzaro muloqotda axborot xizmatining maqsad va vazifalari, unga qoʻyiladigan bugungi kun talablari, jamoatchilikka dolzarb, tezkor hamda ishonchli maʼlumot tarqatishnining muhim jihatlari amaliy misollar bilan tushuntirildi.