O‘zbekiston va Indoneziya hamkorligidagi ilk qo‘shma malaka oshirish kursi muvaffaqiyatli yakunlandi

13-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi tarmoq markazida Indoneziyaning nufuzli Gunadarma universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma malaka oshirish kursining yakuniy taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori Begimqulov Uzoqboy Shoimqulovich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Gunadarma universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i I Made Wiryana hamda Til va madaniyat fakulteti dekani Dr.Ichwan Suyudi (onlayn tarzda), O‘zDJTU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi direktori Abduganiyeva Djamilya Rustamovna va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.

Mazkur qo‘shma dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-iyuldagi 415-sonli qaroriga asosan ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish va xorijiy tajribani o‘zlashtirish maqsadida tashkil etildi.

2025-yil 26-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Indoneziyaning Gunadarma universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida tashkil etilgan qo‘shma malaka oshirish kursida 13 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etdi. Ular Indoneziya – Jakarta va Bali orollarida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, sun’iy intellektni ta’limga integratsiyalash, raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi mavzular bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar.

 

 

Tadbirda ta’kidlanganidek, bu kabi tashabbuslar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Taqdirlash marosimi yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi va esdalik fotosuratga tushildi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube