O‘zDJTU delegatsiyasi Varshava Universitetida: Yangi hamkorlik ufqlari
2025-yil 17-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Dilrabo Baxronova Polshaning nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Varshava Universitetiga tashrif buyurdi. Ushbu oliygoh dunyo reytinglarida (QS – 258-o‘rin, THE – 601+ o‘rin) yetakchi o‘rinlarni egallab, Markaziy va Sharqiy Yevropaning eng yaxshi universitetlaridan biri hisoblanadi.
Tashrif davomida Amaliy tilshunoslik instituti vakili Simon von Kleist tomonidan kutib olingan delegatsiyamiz universitet infratuzilmasi bilan tanishdi. Xususan, ekologik bog‘lar, zamonaviy kutubxona va “yashil tom” loyihalari e’tiborni tortdi.
Asosiy uchrashuv Amaliy tilshunoslik instituti bilan bo‘lib o‘tdi. Unda quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvlarga erishildi:
- Qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish
- O‘qituvchi va tadqiqotchilar almashinuvi
- Talabalar uchun yozgi maktablar
- Xalqaro konferensiyalarda hamkorlik
Shuningdek, universitet kutubxonasining raqamlashtirilgan fondlari va noyob arxitektura yechimlari delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Tashrif ikki universitet o‘rtasida doimiy akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajriba almashish va xalqaro ilmiy integratsiyani mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.