OʻzDJTU delegatsiyasining Xitoyning Xi’an politexnika universitetiga tashrifi davom etmoqda
2025-yil 23-may kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Xi’an politexnika universitetiga tashrifi davom etdi. Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari asosan mazkur universitetdagi media kommunikatsiya hamda san’at va dizayn yoʻnalishlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Kun davomida OʻzDJTU vakillari politexnika universitetining Media kommunikatsiya hamda San’at va dizayn fakultetlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlar chog‘ida ushbu yo‘nalishlarning OʻzDJTUdagi mavjud yo‘nalishlarga yaqinligi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Media kommunikatsiya yo‘nalishida nafaqat xitoylik, balki xorijlik talabalar uchun ham jurnalistika, film ishlab chiqarish, laboratoriya sharoitlarida amaliy mashg‘ulotlar olib borish imkoniyatlari yaratilgan. San’at va dizayn fakultetida esa moda, fashion, grafik va sanoat dizayni kabi 16 yo‘nalishda ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.
Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham oʻz navbatida OʻzDJTUda olib borilayotgan ta’lim jarayoni, fanlar, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida taqdimot o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunida OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti va Xi’an politexnika universiteti oʻrtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi. Memorandum imzolanishi ortidan talabalar va oʻqituvchilar almashinuvi, ilmiy-amaliy tajriba almashuvi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
E’tiborlisi, OʻzDJTUda yaqin kelajakda dizayn yoʻnalishini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu borada katta tajribaga ega Xi’an politexnika universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilish koʻzda tutilgan. Mazkur universitet nafaqat Xitoy, balki Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan ham qoʻshma dasturlarni yoʻlga qo‘ygan.
Tashrif davomida Buyuk Britaniyadan kelgan afrikalik mutaxassis tomonidan olib borilayotgan interaktiv dars jarayonlari, talabalarga yo‘naltirilgan o‘qitish metodlari OʻzDJTU vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, media kommunikatsiya yoʻnalishida ham ikki universitet oʻrtasida qoʻshma ta’lim dasturlarini yoʻlga qo‘yish masalasida muzokaralar olib borildi.