O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari Selchuk universitetida malaka oshirmoqda va akademik hamkorlikni kengaytirmoqda
Ayni kunlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari – G‘. Mamatov, R. Xolmuradov, Z. Zamonov va T. Axmedov Turkiyaning Konya shahridagi nufuzli Selchuk universitetida qisqa muddatli malaka oshirish dasturi doirasida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni amaliy jihatdan mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, kutubxonalar va ilmiy markazlar faoliyati bilan tanishish, shuningdek, fakultetlar hamda kafedralararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Selchuk universiteti Sotsial bilimlar instituti rahbariyati va mutaxassislari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning akademik mobilligini kengaytirish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda hammualliflikda maqolalar chop etish, tahrir hay’atlari faoliyatida ishtirok etish, H-indeks ko‘rsatkichlarini oshirish hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarni hamkorlikda tashkil etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.