O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Denis Wadingham va Testlarni tashkil qilish bo‘limi boshlig‘i Amirsaid Sadikovni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zDJTUda IELTS registratsiya markazini tashkil qilish masalalarini muhokama qilishdi.
Ta’kidlanishicha, markaz IELTS testini topshirish istagida bo‘lgan talabgorlar uchun maxsus tayyorgarlik kurslarini tashkil qilish, ularni ro‘yxatga olish hamda testlarni tashkil qilish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ushbu faoliyatni tashkillashtirganligi uchun bepul o‘rinlar oladi hamda O‘zDJTU ulushi sifatida to‘lanadigan mablag‘ hisobidan Britaniya Kengashi malakali mutaxassislarni jalb qiladi, seminar-treninglar tashkil etadi, universitet professor-o‘qituvchilari uchun Britaniya oliygohlarida malaka oshirish imkoniyatini yaratadi.
I. Tuxtasinov hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan masala – O‘zDJTU o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari uchun Angliyada malaka oshirish va stajirovka dasturlarini tashkil qilish muhim ekanligini ta’kidlab, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish taklifini berdi.
Uchrashuv so‘nggida O‘zDJTUda IELTS registratsiya markazini tashkil qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma imzolandi.