O‘zDJTU talabalari Jazoirdagi xalqaro amaliyot safaridan qaytdi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari Ahmad al-Zubaydiy va Aygul Umurzakova boshchiligida 18 nafar talaba 2025-yil 10-apreldan 11-iyungacha Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining El-Oued (Al-Vadiy) universitetiga malaka oshirish va arab madaniyati bilan yaqindan tanishish maqsadida yuborildi.

Ikki oy davomida talabalar Til va adabiyot fakultetida malaka oshirdilar. Ularga mohir professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha sifatli darslar olib borildi. Ta’lim jarayoni davomida talabalar arab tili muhitida bevosita tilni o‘rganib, o‘zlashtirgan bilim va taassurotlari asosida “El-Jadid”, “Kaidnews”, “An-Nasr” va “Al-Khabar” kabi mahalliy nashrlarda maqolalar chop etdirdilar.

Talabalar nafaqat o‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etdilar, balki Jazoirning madaniy hayoti bilan tanishib, universitetda bo‘lib o‘tgan turli tadbirlarda ham qatnashdilar. Shuningdek, El-Oued universiteti rahbariyati tomonidan tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy sayohatlarda qatnashib, arab dunyosining boy tarixiy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Darslar El-Oued universitetining Til va adabiyot fakultetida olib borildi. Talabalar “Hada Solih” nomli talabalar turar joyida yashab, barcha zarur sharoitlardan mamnun bo‘lishdi va bu imkoniyat uchun universitet rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirdilar.

Safar yakunida, 13-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, fakultet dekani hamda tegishli kafedra va bo‘lim rahbarlari talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Unda talabalar safar davomida olgan taassurotlari, bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Rektor tomonidan bu kabi xalqaro amaliyotlarning doimiy ravishda davom ettirilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube