O‘zDJTU talabalari “Xitoy tili ko‘prigi – 2026” xalqaro tanlovida tarixiy natija qayd etdi!

O‘zDJTU talabalari “Xitoy tili ko‘prigi – 2026” xalqaro tanlovida tarixiy natija qayd etdi!

2026-yil 16-may kuni TDShU huzuridagi Konfutsiy institutida “Xitoy tili ko‘prigi – 2026” xalqaro tanlovi finalchilari va g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida “Ipak yo‘li bizni bog‘laydi — Men va Xitoy” qisqa metrajli videolar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash hamda Elchixona stipendiyalarini topshirish marosimi ham yuqori saviyada tashkil etildi.

 

 


Tadbir TDShU huzuridagi Konfutsiy institutining katta tadbirlar zalida bo‘lib o‘tdi. Unda xitoy tilini o‘rganayotgan iqtidorli talabalar, professor-o‘qituvchilar, Xitoy madaniyat markazi hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Madaminovich Tuxtasinov ham ishtirok etib, tanlovda yuqori natijalarga erishgan talabalarni samimiy tabrikladi hamda ularning ustozlari va ota-onalariga minnatdorlik bildirdi.

“Xitoy tili ko‘prigi – 2026” xalqaro tanlovi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida TDShU huzuridagi Konfutsiy instituti, SamDChTI huzuridagi Konfutsiy instituti hamda Xitoy madaniyat markazi hamkorligida tashkil etildi.

Tanlovning dastlabki bosqichlarida respublika bo‘yicha 67 nafar talaba ishtirok etdi. Saralash va yarim final bosqichlari yakuniga ko‘ra mamlakatimizning 7 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasidan 15 nafar eng iqtidorli talaba final bosqichiga yo‘llanma oldi.

 Tanlovning final bosqichi natijalariga ko‘ra O‘zDJTU talabalari quyidagi yutuqlarni qo‘lga kiritdi:
 

GRAN-PRI
Xamidullayeva Nafisa — O‘zDJTU

1-o‘rin
Xamroeva Shaxrizoda — O‘zDJTU

 2-o‘rin
Sadullayeva Shahrizoda — O‘zDJTU
Abdurahimova Munavvarxon — O‘zDJTU
Yendibayeva Gozal — O‘zDJTU

 3-o‘rin
Satkulova Ulday — O‘zDJTU

 



Xitoy madaniyat markazida o‘tkazilgan yarim final bosqichida O‘zDJTUning 2 nafar talabasi 1 va 2-o‘rin sovrindori bo‘ldi.

Shuningdek, yarim finalning Konfutsiy instituti bosqichida ham O‘zDJTUning 4 nafar talabasi eng yuqori 4 ta o‘rinni egalladi.

 Shu tariqa, respublika bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan 6 nafar talabaning barchasi O‘zDJTU talabalari bo‘ldi.

 Ayniqsa, Xamidullayeva Nafisa tanlovning barcha bosqichlarida yuqori natija ko‘rsatib, “Xitoy tili ko‘prigi – 2026” xalqaro tanlovining Respublika final bosqichida GRAN-PRI sohibasiga aylandi.

Tanlovning monolog, savol-javob hamda ijodiy chiqishlardan iborat 3 bosqichli shartlari yakunlariga ko‘ra, Nafisa o‘zining chuqur bilimlari, xitoy tilidagi ravon nutqi va ijodiy chiqishi bilan hakamlar hay’atining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Mazkur g‘alaba orqali O‘zDJTU talabalari — GRAN-PRI sohibasi Xamidullayeva Nafisa hamda 1-o‘rin sohibasi Xamroeva Shaxrizoda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tadigan XXV Butunjahon “Xitoy tili ko‘prigi – 2026” tanlovida O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

 Ularga Xitoyga 1 oylik safar va musobaqada qatnashish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Tadbir davomida g‘olib va sovrindorlarga diplom, esdalik sovg‘alari hamda maxsus Elchixona stipendiyalari topshirildi. Shuningdek, “Ipak yo‘li bizni bog‘laydi — Men va Xitoy” videolar tanlovi g‘oliblari ham tantanali ravishda taqdirlandi.

Ushbu xalqaro loyiha yoshlar o‘rtasida xitoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

 



 O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasi barcha g‘olib va sovrindor talabalarni samimiy muborakbod etadi hamda ularga butunjahon final bosqichida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi
 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube