Uchinchi Tojikiston–O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi doirasida O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov ushbu davlatning bir qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Asosiy e’tibor talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy, amaliy hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tojikistonlik talabalarni O‘zDJTUda tahsil olishga keng jalb etish masalalariga qaratildi.
Muloqotlar natijasida Tojikiston xalqaro turizm va tadbirkorlik universiteti Dang‘ara xalqaro instituti, Tojikiston davlat pedagogika universiteti, Kulob hamda Dang‘ara davlat universitetlari, shuningdek, Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi. Tojikiston–Rossiya (Slavyan) universiteti bilan esa anglashuv memorandumi tuzildi. Har ikki tomon erishilgan kelishuvlar asosida aniq tadbir va loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shundan so‘ng ishtirokchilar forumning yopilish marosimida qatnashib, anjuman yakunlari bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiya bandlari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Shu tariqa forum o‘z ishini yakunladi.