O‘zDJTU va Buenos Aires universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

2025-yil 24-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi rektor Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligida Argentinaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri – Universidad de Buenos Aires (UBA)da bo‘ldi. Uchrashuv davomida UBAning 25 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan Filosofía y Letras (Falsafa, til va adabiyot) fakulteti bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.

 

 

Mazkur kelishuv ilmiy va ta’limiy yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish, talaba hamda professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va bu boradagi fikr almashinuvlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

Universidad de Buenos Aires (UBA) — 1821-yilda tashkil topgan bo‘lib, Argentinaning eng yirik va nufuzli universiteti hisoblanadi. Bugungi kunda universitetda 350 mingga yaqin talaba tahsil oladi. UBA 13 ta mustaqil institut, 20 ta muzey, 5 dan ortiq shifoxona, 13 ta ilmiy-tadqiqot instituti, 6 ta maktab va kollej, 1 ta veterinariya klinikasi hamda Ricardo Rojas nomidagi Madaniyat markaziga ega.

 

 

2025-yilgi QS World University Rankings natijalariga ko‘ra, UBA jahonning eng yaxshi 100 ta universiteti qatorida bo‘lib, 71-o‘rinni, Lotin Amerikasi oliygohlari orasida esa 1-o‘rinni egallagan. Universitet akademik obro‘-e’tibor bo‘yicha 35-o‘rinda, bitiruvchilarning ishga joylashish salohiyati bo‘yicha esa 38-o‘rinda qayd etilgan.

Shuningdek, UBA bugungi kungacha 17 nafar Argentina prezidenti va 5 nafar Nobel mukofoti sovrindorini yetishtirib bergan.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro aloqalarni kengaytirish, ta’lim va ilmiy integratsiyani kuchaytirishdagi izchil sa’y-harakatlarining amaliy ifodasidir.

 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube