O‘zDJTU va Samarqand davlat chet tillari instituti vakillari O‘mon Sultonligi elchixonasida mehmon bo‘lishdi
2025-yil 18-iyun kuni O‘mon Sultonligining Toshkentdagi elchixonasida ushbu davlatda til malakasini oshirib qaytgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Samarqand davlat chet tillari instituti o‘qituvchi va talabalari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zDJTUdan Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Xusanboy Yuldashev, Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug‘bek Yo‘ldoshev hamda Arab tili kafedrasi mudiri Kamola Qodirova ishtirok etdi.
X. Yuldashev elchi xonim Vafo Al Busaydiyaga Sulton Qobus institutida tashkil etilgan arab tili kurslari uchun minnatdorchilik bildirib, bu boradagi moliyaviy va tashkiliy ko‘mak uchun chuqur rahmat aytdi. Shuningdek, kelgusida O‘mon Sultonligi universitetlari bilan ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Elchi xonim o‘z navbatida ikki davlat OTMlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi va 2026-yilda O‘zDJTU o‘qituvchi va talabalari uchun ajratiladigan grantlar sonini 15 tagacha oshirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida o‘qituvchi va talabalar O‘mon Sultonligida o‘tgan arab tili kurslari va madaniy tadbirlar, shuningdek, o‘z taassurotlari haqida so‘zlab berdilar. Elchi xonim talabalar arab tilida ravon so‘zlayotganidan mamnunligini bildirib, ularga muvaffaqiyatlar tiladi.