O‘zDJTU vakili Malayziyaning nufuzli Malaya universiteti faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Malayziya Malakalar Agentligi (MQA) hamkorligida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, pedagogika fanlari doktori, professor Zaripov Lochin Rustamovich Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Malaya universiteti (Universiti Malaya)ga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif davomida oliy ta’limda sifatni ta’minlash, ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar asosida baholash, institutsional va dasturiy akkreditatsiya tizimi hamda ta’lim sifatini boshqarishning zamonaviy mexanizmlari bilan yaqindan tanishildi.
Ma’lumot uchun, Malaya universiteti xalqaro QS World University Rankings reytingida dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin olgan bo‘lib, Malayziyaning yetakchi universiteti hisoblanadi.
Tashrif davomida universitetda ta’lim jarayonlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot faoliyati, sifat menejmenti tizimi hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Olingan tajribalarni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim sifatini yanada oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda ta’lim jarayonlarini takomillashtirishda qo‘llash rejalashtirilgan.
Mazkur xalqaro malaka oshirish dasturi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro tajribani o‘rganish va universitetning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
2026-06-26 09-02