O‘zDJTUda DLL hamkorligining 5 yilligiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tdi

O‘zDJTUda DLL hamkorligining 5 yilligiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tdi

28-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “DLL — Deutsch Lehren Lernen — Nemis tilini o‘qitishni o‘rganish” dasturi doirasidagi hamkorlikning 5 yilligiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zDJTU Roman-german filologiyasi fakulteti, Nemis filologiyasi kafedrasi hamda Toshkentdagi Gyote-Instituti hamkorligida tashkil etildi.

Simpoziumni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berib, O‘zbekistonda nemis tili ta’limini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish muhimligini ta’kidladi.

Tadbir davomida nemis tilini o‘qitishning zamonaviy tendensiyalari va istiqbollari, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ilg‘or metodik tajribalar hamda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

2021-yildan buyon DLL dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zDJTUning 10 nafar professor-o‘qituvchisi DLL yo‘nalishida malaka oshirib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zDJTU hududida Gyote-Instituti markazini tashkil etish istiqbollari ham muhokama qilindi. Mazkur tashabbus talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi ta’limiy hamda kasbiy imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Simpoziumda besh yillik hamkorlik natijalari sarhisob qilinib, nemis tili ta’limi sohasida tajriba almashish va yangi tashabbuslarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube