O‘zDJTUda “Dolzarb 90 kun” doirasida adabiy-ma’rifiy kecha tashkil etildi
23-iyun kuni “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yana bir mazmunli tadbir – “Ona yurt fidoiylari” mavzusidagi adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbir universitet, Toshkent shahri Uchtepa tumani hokimligi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamkorligida universitetning Axborot-kutubxona markazida tashkil etildi.
Adabiy kechada O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari, faol talaba-yoshlar va ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etdilar. Unda jadid adabiyoti namoyondalarining milliy uyg‘onish, ma’rifat va vatanparvarlik g‘oyalari mujassam asarlari keng tahlil qilindi.
Tinglovchilarga quyidagi asarlarning mazmun-mohiyati yetkazildi:
• Munavvar qori Abdurashidxonov – “Yalqovlik yovimizdir”
• Abdulla Avloniy – “Vatanni suymak”
• Abdurauf Fitrat – “Yurt qayg‘usi”
Ushbu asarlar orqali o‘zbek jadidlarining yurt, millat va ma’naviyat yo‘lidagi fidoyiligi, yosh avlodni ilm-ma’rifatga da’vat etishdagi ruhiy merosi namoyon bo‘ldi.
Kechada qatnashgan professorlar va talabalar bunday adabiy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlar tafakkurini boyitish, ularning tarixiy va milliy o‘zligini anglashida alohida o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Tadbir doirasida kitoblar taqdimoti, sahna chiqishlari hamda erkin mulohazalar bo‘lib o‘tdi. Yakunda ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.