O‘zDJTUda Gyote instituti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
4-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I. Tuxtasinov Gyote institutining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Barbara Anna Bernsmeier, Til bo‘limi boshlig‘i Dildora Muxammadaminova, Ta’lim sohasida hamkorlik bo‘limi xodimlari G‘ayrat Hafizov va Sayyora To‘raqulovani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zDJTU Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Roman-german filologiyasi fakulteti dekani A. Xalillayev hamda Nemis tili filologiyasi kafedrasi mudiri I. Ziyadullayev ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlarga O‘zDJTU faoliyati va so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. I. Tuxtasinov universitetda nemis tilini o‘qitish holati hamda Germaniya oliy ta’lim muassasalari, Gyote instituti, DAAD va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlik aloqalari haqida ma’lumot berdi.
Muloqot davomida Barbara Anna Bernsmeier Gyote instituti faoliyati va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan takliflarini bildirdi. Jumladan, 28-sentabr kuni O‘zDJTUda “DLL – Nemis tilini o‘qitishni o‘rganish” loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish, nemis tili bo‘yicha testlarni o‘tkazish hamda universitetda Gyote markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Rektor I. Tuxtasinov Gyote institutiga ko‘p yillardan buyon ko‘rsatib kelayotgan amaliy yordami uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Gyote markazini tashkil etish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, nemis tili o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, zamonaviy darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash borasida hamkorlik qilish taklif etildi.
Testlarni tashkil etish masalasida O‘zDJTU qoshida ochilishi rejalashtirilayotgan Gyote markazida testlarga tayyorlov kurslarini yo‘lga qo‘yish va testlarni o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Markazda til muhitini yaratishda KOICA tomonidan tashkil etilgan “Koreya ta’lim va madaniyat” markazi tajribasidan foydalanish mumkinligi qayd etildi.
Gyote instituti Til bo‘limi boshlig‘i Dildora Muxammadaminova O‘zDJTU nemis tili o‘qituvchilari uchun maxsus kurslar tashkil etilishi va test to‘lovlariga 50 foiz chegirma berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, 15-oktabrga qadar Germaniya OTMlarida stajirovka va malaka oshirish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirish mumkinligi bildirildi.
I. Tuxtasinov nemis tiliga yaqin bo‘lgan golland tilini uchinchi til sifatida o‘quv jarayoniga kiritish taklifini ilgari surdi. Barbara Anna Bernsmeier Gyote institutining Amsterdamdagi vakolatxonasi bilan bog‘lanib, golland tili bo‘yicha mutaxassislarni O‘zDJTUga jalb etish masalasini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Mehmonlar Roman-german filologiyasi fakultetiga kuzatib qo‘yildi.
2026-09-07 09-48