O‘zDJTUda Indoneziyaning UNESA universiteti rahbariyati bilan xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Indoneziyaning Surabaya davlat universiteti (UNESA) rahbariyati delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv universitet rektori I. Tuxtasinov boshchiligida o‘tkazildi.
UNESA delegatsiyasi tarkibidan Universitet Senati raisi Prof. Dr. H. Setya Yuwana, Universitet Vasiylik kengashi raisi Prof. Dr. H. Haris Supratno, LabSchool maktabi direktori Prof. Dr. Sujarwanto, Moliya boshqarmasi boshlig‘i Prof. Dr. Hariyati, Ijtimoiy tadqiqotlar va innovatsiyalar markazi direktori Prof. Dr. Mutimmatul Faidah, Talabalar qabuli bo‘limi boshlig‘i Dr. Sukarmin, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Dr. Herma Retno Prabayanti, Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot bo‘limi direktori Dr. Vinda Maya Setianingrum hamda LabSchool Ta’lim sifati nazorati bo‘limi boshlig‘i Dr. Ima Widiyanah ishtirok etdi.

O‘zDJTU tomonidan xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi direktori J. Abduganiyeva, Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i F. Rashidova, Ingliz tili 1-fakulteti dekani Guli Ergasheva hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi D. Xodjabekova qatnashdi.
Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi strategik akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, qo‘shma ta’lim (double degree) dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, O‘zDJTU talabalarining UNESAda malakaviy amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish hamda ushbu jarayonni tizimli tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ta’lim, fan va innovatsiyalar yo‘nalishida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari va xalqaro treninglarni tashkil etish, O‘zDJTUda ikkinchi chet tili sifatida indonez tilini o‘qitishni rivojlantirish, malakali mutaxassislarni jalb etish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy ta’minotni yaratish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar inklyuziv ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-metodik tajriba almashish, professor-o‘qituvchilarning hammualliflikdagi ilmiy maqolalarini Scopus bazasidagi xalqaro nufuzli jurnallarda muntazam chop etish orqali ikki universitetning xalqaro ilmiy nufuzini oshirish bo‘yicha ham o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar.
Shundan so‘ng UNESA delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hududi bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasida ishtirok etdi. Mehmonlar universitetning zamonaviy o‘quv binolari, auditoriyalari, axborot-resurs markazi, innovatsion ta’lim maskanlari hamda talabalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Delegatsiya a’zolariga universitetda ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik va talabalar hayotini yanada mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlar O‘zDJTUda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, ta’lim muhiti va talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlarni yuqori baholab, bu kabi tashriflar ikki universitet o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.