O‘zDJTUda Ispaniyaning Kadis universiteti professori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zDJTUda Ispaniyaning Kadis universiteti professori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

22-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ispaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Kadis universiteti professori hamda Xeres kampusining Ijtimoiy, madaniy va xalqaro aloqalarni rivojlantirish kotibiyati direktori Fransisko Xavyer de Kos Ruis bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yo‘ldashev, Registrator ofisi bo‘limi boshlig‘i A. Xalillayev, Roman-german filologiyasi fakulteti dekani X. Hakimov hamda Ispan tili kafedrasi mudiri I. Turamuratova ishtirok etdi.

 



Muloqot avvalida mehmonga universitetning keyingi yillarda erishgan yutuqlari, jumladan, xalqaro reytinglardagi natijalari, ta’lim va ilmiy faoliyatdagi ustuvor yo‘nalishlari hamda ispan tilini o‘qitish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv davomida O‘zDJTU va Kadis universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Xususan, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, Kadis universiteti professorlarini O‘zDJTUga dars va ma’ruzalar o‘tish uchun jalb etish, Erasmus+ dasturi doirasidagi yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, O‘zDJTU professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ispan tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, tarjimonlar va sinxron tarjimonlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar va qo‘shma ilmiy nashrlarni tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar Kadis universitetida faoliyat yuritayotgan Ispan–O‘zbek markazi ishini faollashtirish, unda o‘zbek tili va madaniyatini targ‘ib qilish hamda mazkur yo‘nalishda mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham kelgusidagi rejalarni ko‘rib chiqdilar.

 


 

Ma’lumot uchun, Fransisko Xavyer de Kos Ruis Kadis universiteti Filologiya fakultetining ispan tili yo‘nalishi professori bo‘lib, umumiy va amaliy tilshunoslik, ispan tili tarixi, ispan tilini chet tili sifatida o‘qitish metodikasi, dialektologiya hamda oliy ta’limda innovatsion pedagogik texnologiyalar yo‘nalishlarida ilmiy faoliyat olib boradi. U ko‘plab ilmiy maqola va monografiyalar muallifi bo‘lib, universitetning xalqaro hamkorlik va madaniy aloqalarini rivojlantirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va amaliy loyihalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube