O‘zDJTUda KOICA volontyor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
5-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 16 nafar volontyor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yangi tayinlangan direktor o‘rinbosari Kim Cheon xonim, loyiha menejeri va mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov mehmonlarga universitet faoliyati, koreys tili ta’limi va Koreya oliygohlari, jumladan KOICA bilan olib borilayotgan hamkorlik haqida ma’lumot berdi. Rektor tashkilot ko‘magidan minnatdorlik bildirib, volontyorlarga muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘z navbatida, Kim Cheon xonim samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvdan so‘ng Sharq filologiyasi fakultetida volontyor-o‘qituvchilar ishtirokida dastur ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov nutq so‘zlab, volontyorlarning koreys tili va madaniyatini o‘qitishdagi muhim o‘rni, bu jarayon talabalar bilimi va dunyoqarashini kengaytirishi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Shuningdek, dastlabki bosqichda o‘tkaziladigan o‘zbek tili va madaniyati kurslari volontyorlarga mamlakatimizning boy madaniy merosi, xalqimizning qadriyatlari va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: KOICA bilan tuzilgan memorandum asosida O‘zDJTUda koreys tili va madaniyatini o‘qitishni rivojlantirish maqsadida 1 116 000 AQSH dollari miqdoridagi loyiha amalga oshirilmoqda. U 3 yil davomida Koreyadan jami 70 nafar volontyor-o‘qituvchini jalb qilishni nazarda tutadi. Volontyorlar koreys tili darslarini olib borish, koreys madaniyatiga oid tadbirlarni tashkil qilish, shuningdek, taekvondo, raqs va musiqa to‘garaklarini yo‘lga qo‘yishlari rejalashtirilgan. Hozirgacha 22 kishidan iborat 2 guruh faoliyatini yakunlab, Koreyaga qaytgan.