O‘zDJTUda Toyo University delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yaponiyaning Toyo University Prezidenti Etsuko Yaguchi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, universitetning xalqaro hamkorlik yo‘nalishiga mas’ul rahbarlari, professor-o‘qituvchilari hamda Toyo University vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha 144 soatlik, bir oylik malaka oshirish kurslarini, shu jumladan onlayn mashg‘ulotlarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki haftalik qisqa muddatli ilmiy-ta’limiy stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish, Toyo University kutubxonasi va ta’lim jarayoni bilan tanishish, darslarda ishtirok etish hamda tadqiqotchilar uchun ilmiy maslahatlar olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yapon tili ta’limi yo‘nalishida qo‘shma darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va elektron ta’lim resurslarini yaratish, xalqaro ilmiy konferensiyalar, seminarlar, vebinarlar va davra suhbatlarini muntazam tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi.
Talabalar uchun stipendiya va grant dasturlarini yo‘lga qo‘yish, iqtidorli yoshlarning Toyo Universityda tahsil olishi, stajirovka o‘tashi va ilmiy-ta’limiy dasturlarda ishtirok etishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, O‘zDJTU magistrantlarining Toyo Universityda pullik ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, magistratura dasturlariga qabul, ta’lim yo‘nalishlari, o‘qish muddati va qabul talablari yuzasidan fikrlar bildirildi.
Uchrashuvning muhim yo‘nalishlaridan biri Toyo University ilmiy-tadqiqot markazini O‘zDJTUda tashkil etish masalasi bo‘ldi. Markaz doirasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy maqolalar tayyorlash va nashr etish, xalqaro konferensiya va seminarlar o‘tkazish, tadqiqotchilar hamda talabalar akademik almashinuvini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro grantlar, qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy nashrlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning akademik mobilligini kengaytirish, o‘zaro tashriflar, mehmon professor dasturlari, ma’ruzalar, master-klasslar va ilmiy maslahatlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zDJTU va Toyo University o‘rtasidagi hamkorlikni ta’lim, ilm-fan, akademik mobillik va qo‘shma loyihalar yo‘nalishlarida izchil rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar.
2026-09-08 12-40