O‘zDJTUda xalqaro mediaforum doirasida mahorat darsi tashkil etildi
“Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi doirasida 24-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Germaniyaning Müller & Schindler nashriyot uyi prezidenti va Universal Art Group bosh direktori Charlotte Kramer ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi.
Tadbirni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berib, mehmonni ishtirokchilarga tanishtirdi. Shuningdek, rektor mahorat darsining mazmun-mohiyati, xalqaro tajriba almashish hamda talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Mahorat darsi O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetining “Xalqaro jurnalistika”, “Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar”, “Siyosatshunoslik”, “Xalqaro munosabatlar”, “Sotsiologiya”, “Madaniyatlararo kommunikatsiyaning lingvistik ta’minoti” ta’lim yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun tashkil etildi.
Mahorat darsi davomida Charlotte Kramer nashriyotchilik, madaniy merosni asrash va tarixiy qo‘lyozmalar bilan ishlash borasidagi ko‘p yillik xalqaro tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Noyob qo‘lyozmalar va tarixiy asarlarni saqlash, ularning faksimile nusxalarini yaratish hamda madaniy merosni zamonaviy usullar orqali xalqaro miqyosda targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir dasturidan “Movarounnahr sivilizatsiyasi” nomli 45 daqiqalik videofilm namoyishi o‘rin oldi.
Videofilmda Movarounnahrning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, hududda shakllangan boy ilmiy, madaniy va ma’rifiy muhit, buyuk allomalar merosi hamda ushbu zaminning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar rivojiga qo‘shgan hissasi yoritildi.
Video namoyishi orqali ishtirokchilar Movarounnahrda asrlar davomida shakllangan ilm-fan va madaniyat an’analarining bugungi kundagi ahamiyati, tarixiy merosni hujjatli va vizual kontent orqali keng auditoriyaga yetkazish hamda uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur mahorat darsi va video namoyishi, ayniqsa, jurnalistika, axborot xizmati, xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik, sotsiologiya hamda madaniyatlararo kommunikatsiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun tarixiy va madaniy mavzularni media orqali yoritish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini boyitdi.
Tadbir yakunida professor-o‘qituvchilar va talabalar Charlotte Kramer bilan ochiq muloqot qilib, nashriyotchilik, madaniy meros va tarixiy manbalarni xalqaro auditoriyaga taqdim etish masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Ma’lumot uchun: Charlotte Kramer — germaniyalik noshir va madaniy meros bo‘yicha mutaxassis. U Universal Art Group bosh direktori, Verlag Müller und Schindler nashriyot uyi egasi va bosh direktori, shuningdek, Faksimile Verlag boshqaruvchi hamkori hisoblanadi.
Charlotte Kramer tarixiy qo‘lyozmalar, bezakli kitoblar va ilk bosma asarlarning yuqori sifatli faksimile nusxalarini yaratish, madaniy merosni asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib etish sohasida faoliyat yuritadi. U 2002-yildan buyon Verlag Müller und Schindler nashriyotiga rahbarlik qilib kelmoqda.
2024-yilda Charlotte Kramer hamkori Alexander Wilhelm bilan birgalikda nashriyotchilik, faksimile nashrlar, raqamli madaniy meros va xalqaro madaniy almashinuv yo‘nalishlarini birlashtiruvchi Universal Art Group kompaniyasiga asos solgan.
2026-08-24 06-09