O‘zDJTUda Yaponiya delegatsiyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Yaponiyaning Japan International Interaction and Development Association (JIDA) tashkiloti vakillari hamda Qozog‘iston vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitetning xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Abduraxim Nosirov boshchiligidagi universitet vakillari kutib oldi. Uchrashuvda tomonlar xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda ta’lim va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Muloqot davomida, xususan, universitetda yapon tilini o‘rganayotgan talabalarni Yaponiyadagi ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o‘tash imkoniyatlari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Talabalarning yapon tilini bilish darajasi va kasbiy ko‘nikmalarini inobatga olgan holda ularni amaliyotga tayyorlash, shuningdek, 3, 4 yoki 6 oygacha bo‘lgan muddatlarda internship dasturlariga jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida talabalar uchun xalqaro amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Yaponiya tashkilotlari va kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.