O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-iyuldagi 415-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzurida Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi tashkil etilgan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 23-dekabrdagi 474-sonli buyrug‘iga muvofiq, ushbu markazda 2025-yil davomida “Filologiya va tillarni o‘qitish” (ingliz, fransuz, nemis, rus, italyan, ispan tillari) hamda “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” yo‘nalishlari bo‘yicha jami 897 nafar tinglovchi malaka oshirishi belgilangan. 

2025-yil 6-yanvardan 30-yanvargacha mazkur markazda “Filologiya va tillarni o‘qitish” (ingliz tili yo‘nalishi) bo‘yicha 26 nafar tinglovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaklda kursga qabul qilindi va malakasini oshirdi. Chiqish testlari natijasiga ko‘ra, 7 nafar tinglovchi testdan o‘ta olmadi, 1 nafar tinglovchi esa chiqish testida ishtirok etmadi. 

30-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazida bo‘lib o‘tgan himoyada viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan 6 nafar, Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan 12 nafar, jami 18 nafar tinglovchi malakaviy bitiruv ishini himoya qildi.

Himoya jarayonlarida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, tarmoq markazi direktori Jamila Abduganiyeva va boshqa mas’ullar ishtirok etib, himoyani baholadilar.

Ma’lumot uchun: Chiqish testidan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 2-avgustdagi 278-sonli buyrug‘iga asosan tashkil etilgan Attestatsiya komissiyasi tomonidan bitiruv loyihasini himoya qiladi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, tinglovchilarga malaka sertifikati beriladi.

So`nggi yangiliklar

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube