2025-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazida qisqa muddatli malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan professor-o‘qituvchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qisqa muddatli malaka oshirish kursi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yevropaning ilg‘or tajribasi asosida kasbiy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish va sertifikatlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 2025-yil 3-iyuldagi 411-son qarori, hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 30-iyuldagi 01-11-320-nazorat rejasining 4.1-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

2025-yil 10–17-noyabr kunlari o‘tkazilgan mazkur qisqa muddatli kurs universitetning nemis tili yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratildi.
Sertifikatlar topshirish marosimida universitet rektori, professor Tuxtasinov Ilhomjon Madaminovich ishtirok etib, kursni muvaffaqiyatli yakunlagan professor-o‘qituvchilarni samimiy tabrikladi va ularga rasmiy sertifikatlarni topshirdi.
Rektor o‘z nutqida mazkur kursning oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish, pedagoglarning raqamli va metodik savodxonligini mustahkamlash hamda xalqaro andozalarga mos ta’lim jarayonini yaratishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida qayd etildiki, tarmoq markazi tomonidan tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari oliy ta’limda joriy etilayotgan yangilanishlar, innovatsiyalar va xalqaro integratsiya jarayonlarining amaliy ifodasidir.
