RASMIY MUNOSABAT

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari orasida kiyinish odobi va tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq turli mazmundagi post va izohlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan universitet ma’muriyati quyidagilarni ma’lum qiladi:

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti — dunyoviy ta’lim muassasasi bo‘lib, uning faoliyati O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda “O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Odob-axloq qoidalari” (Universitet Kengashining 2024-yil 27-iyundagi 11-son bayoni bilan tasdiqlangan) asosida tashkil etiladi.

Ushbu qoidalarning 11-bandida quyidagilar belgilangan:

“Professor-o‘qituvchi va ishchi xodim, talaba va doktorantlarning universitetga kelishi ruxsat etilgan formasiga turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (kipa, kashaya, xoch, hijob, yuzning asosiy qismini to‘sib qo‘yuvchi jag‘ ostidan bog‘lanadigan ro‘mol va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.”

Mazkur norma diniy e’tiqod erkinligini cheklashga qaratilmagan bo‘lib, ta’lim muassasasida dunyoviylik, betaraflik, yagona tartib va akademik intizomni saqlash maqsadida joriy etilgan.

Shuningdek, Odob-axloq qoidalarining 16-moddasining 10-bandida quyidagilar ta’kidlanadi:

“Universitet binolari va hovlisida, shuningdek, universitet binolariga tutashgan hududda spirtli ichimliklar ichish va tamaki yoxud boshqa turdagi mahsulotlarni chekish hamda mast holda bo‘lish, tashqi ko‘rinishga va ushbu Odob-axloq qoidalarida belgilangan qoidalarga zid ravishda soch-soqoli o‘sgan, to‘zigan, sochlarini noodatiy bir yoki bir necha ranglarga bo‘yalgan va kiyinish talablariga rioya qilmagan holda kelish taqiqlanadi.”

Ushbu talablar talabalarning orastalik, ozodalik va jamoat joyidagi madaniyatini ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, soch va soqolning tartibsiz, beparvo yoki noodatiy holatda bo‘lishi universitetda belgilangan kiyinish me’yorlariga zid hisoblanadi.
Bu – talabalarning shaxsiy erkinligini cheklash emas, balki ta’lim muhitida intizom, professional ko‘rinish va universitet obro‘sini saqlash maqsadida joriy etilgan me’yorlardir.

Shu bois, universitet ma’muriyati barcha talaba va xodimlardan:
 • universitetning ichki tartib-qoidalariga to‘liq rioya etishni;
 • kiyinish madaniyati va tashqi ko‘rinishda, jumladan soch va soqolni tartibga keltirishda belgilangan talablarga amal qilishni;
 • ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin va asossiz fikrlar tarqatishdan tiyilishni qat’iy so‘rab qoladi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti har bir talabaning e’tiqodi va shaxsini hurmat qilgan holda, dunyoviy ta’lim muassasasi sifatida ichki tartib, odob-axloq va akademik muhitni saqlashni o‘zining muhim vazifasi deb biladi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube