26-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida xorijiy tillar (ingliz, nemis, fransuz, italyan, ispan, koreys, xitoy, yapon, arab) fan olimpiadasiga start berildi.
Respublika xorijiy tillar fan olimpiadasining ochilish marosimi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov so‘zga chiqib, mazkur olimpiada O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning xorijiy tillar bo‘yicha bilimlari, qobiliyatlarini namoyon etish, iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni munosib taqdirlash imkonini berishini ta’kidladi, barcha ishtirokchilarni respublika bosqichiga yetib kelganliklari bilan tabrikladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitet rektori I.Tuxtasinov so‘zga chiqib, olimpiadaning ahamiyati va uni o‘tkazish uchun amalga oshirilgan tayyorgarliklar haqida ma’lumot berib o‘tdi va barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Shuningdek, tadbirda akademik olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Ochilish marosimi nihoyalangach, ishtirokchilar birinchi shart bellashuvlariga yo‘l olishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov universitet rektori I.Tuxtasinov hamda mehmonlar bilan birgalikda O‘zDJTUda yaqinda faoliyatini boshlagan yangi obyektlarni koʻzdan kechirdi.
Jumladan, “University Mall” savdo markazida boʻlib, universitet logotipi tushirilgan mahsulotlar bilan tanishdi. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida tashkil etilgan “Kulolman” kulolchilik markazi faoliyatini koʻzdan kechirdi. Shuningdek, mas’ullar universitetdagi eng zamonaviy uskunalarga ega boʻlgan “Edusmart” studiyasi hamda OʻzDJTUning 75 yilligi munosabati bilan faoliyati yoʻlga qoʻyilgan muzeyda boʻlib, ular faoliyati bilan tanishdi.
2024-09-26 04-51