18-dekabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Yangi yil munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirni fakultet yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha dekan oʻrinbosari Ulugʻbek Nazarov tabrik soʻzi bilan ochib berdi. Oʻz nutqida talabalarni kirib kelayotgan 2026-yil bilan samimiy muborakbod etib, ularga oʻqish va kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi hamda ezgu tilaklarini bildirdi.
Tadbirning bayramona kayfiyatini yanada oshirish maqsadida Qorbobo obrazi ham sahnaga taklif etildi. Shuningdek, talaba qizlar tomonidan tayyorlangan oʻzbek milliy raqslari, xususan Xorazm lazgisi namoyish etilib, tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Bayram dasturi davomida nafaqat oʻzbek milliy raqs va qoʻshiqlari, balki chet el musiqalari hamda K-pop raqslari ham ijro etildi. Bu chiqishlar talabalar tomonidan turli madaniyat va sanʼat yoʻnalishlariga boʻlgan qiziqishning yuqoriligini namoyon etdi.
Tadbir yakunida yil davomida fakultet hayotida faol ishtirok etib kelgan talabalar Ulugʻbek Nazarov tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Bayram tadbiri esa barchani birlashtirgan Yangi yil qoʻshigʻi sadolari ostida koʻtarinki ruhda yakunlandi.