Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram ustozlar, universitetimiz xodimlari!
Aziz talaba-yoshlar!
Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, mehnatkash xalqimizning ming yillik anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan yangi kun, uygʻonish va yangilanish, yangi nafas bayrami – Navroʻz olam barchangizga muborak boʻlsin.
Bugun oʻlkamizga yangi kun – Navroʻz kirib keldi. Bu ulugʻ bayramda ming yillik tariximiz aks etadi. Qadimdan oliyjanob xalqimiz bu kunni qut-barakaning boshlanishi sifatida alohida kutishgan. Bu kunda yangi nihol, urugʻ yerga qadaladi. Don sepiladi. Bu baraka, rizq ifodasidir. Darhaqiqat, bugun ekilgan nihol ertaga oʻz mevasini berishi aniq.
Ertamiz umidi boʻlgan yoshlarimiz ham mana shu ekilayotgan nihollardek kelgusida oʻz mevasini berishi uchun bizga katta masʼuliyat yuklatilgan. Mamlakatimizning yangi istiqbolini bilimli, kreativ, tajribaga ega, dunyoqarashi keng yoshlarning shijoati belgilab beradi. Mana shunday yoshlarni tarbiyalashda va mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida astoydil xizmat qilayotgan barcha universitetimiz jamoasiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.
Bugungi ulugʻ ayyom kunlari talabalarimiz ham ota — onalarini yoʻqlab, yoshi ulugʻlarni holidan xabar olib, doʻst-u qarindoshlar bilan koʻrishish niyatida oʻz tugʻilib oʻsgan xonadonlarida boʻlib turishibdi. Siz, aziz talabalar orqali barchangizning ota-onangiz va yaqinlaringizni ham ushbu ulugʻ ayyom bilan muborakbod etaman.
Sharqona yangi yilning boshlanishi ona diyorimizga yangi shukuh, fayz-u barakat olib kelsin. Koinotning fasllari almashinuvidagi tozarish va yangi kunlar sahifasini ochadigan bugungi bahoriy kun barchamizga muborak boʻlsin. Ilm — fan yoʻlidagi izlanishlarimiz samarali boʻlsin. Tinchlik va hamjihatlik insoniyatning bosh shiori boʻlsin!
Barchamizga Navroʻzi olam muborak boʻlsin!
OʻzDJTU rektori, professor Ilxomjon TUXTASINOV.
- 2024-03-28 03-09