OʻzDJTU rektori I.Tuxtasinov boshchiligidagi delegatsiya 22-fevral kuni Jazoir Oliy taʼlim va fan tadqiqotlar vaziri maslahatchisi Miloud Fatxalla bilan uchrashdi. 

 

 

Uchrashuv davomida tashrif jarayonida Jazoir Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalaridagi tashkil etilayotgan uchrashuvlar, muhokama etilayotgan masalalar va kelajakdagi hamkorlik xususida fikrlar almashildi. 

 

 

Jazoir tomoni OʻzDJTUda arab va fransuz tilini oʻrganayotgan talabalarni qisqa muddatli va 1 semestr davomida oʻqishlarini tashkil etishi mumkinligi, oʻqituvchilarni esa malaka oshirish amaliyotlariga qabul qilish imkoniyatlari haqida maʼlum qildi. 

 

 

Uchrashuv davomida Alisher Navoiyning ijodi haqida, kelajakda Jazoir-2 universitetida dunyoviy allomaning ijodi toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berilishi xususida fikrlashib, vazir maslahatchisiga Alisher Navoiyning “Hayratul abror” asari sovgʻa qilindi. 

 

 

Shu kunning ikkinchi yarmida OʻzDJTU guruhi Jazoirdagi Buzurea Oliy Normal maktabiga (Ecole Normale Supérieure de Bouzaréah Alger) tashrif buyurdi. 

 

 

Ushbu Oliy taʼlim maktabi Jazoir Respublikasidagi eng qadimgi taʼlim muassasasi boʻlib, boshlangʻich va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlaydi. 

Unda 5000 nafar talabaga 360 nafar professor oʻqituvchilar dars beradi. Asosan, 6 ta yoʻnalishda: arab tili, fransuz tili, ingliz tili, tarix-geografiya, filsafa va jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini tayyorlaydi, 6 ta laboratoriyaga ega. Bakalavr davrida oʻqishlar yoʻnalishiga qarab 3 yoki 4 yilni tashkil etadi, magistratura hamda doktoranturaga ega. 

 

 

Oliy maktab kutubxonasi bilan tanishildi, oʻquv auditoriyalari va ulardagi yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. 

 

 

Ushbu oʻquv dargohi ham OʻzDJTUda  arab, fransuz va ingliz tilini oʻrganayotgan yoshlarni qabul qilish va ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berdi, qoʻshma ilmiy izlanishlar olib borish, maqolalar chop etish toʻgʻrisida fikrlashib, ushbu oliy taʼlim muassasasi va OʻzDJTU oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube