TDShU professori Xayrulla Hamidovning yangi kitobi taqdim etildi

Kuni kecha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari doktori Xayrulla Hamidovning “Turk tilshunosligi va tarjimashunoslik masalalari” nomli kitobi nashrdan chiqdi.

Filologiya fanlari doktori, professor A. Mannonovning so‘zboshisi bilan chop etilgan mazkur kitobga muallifning “Turk frazeologiyasi masalalari” hamda “Rashod Nuri Guntekin asarlari o‘zbek tilida” nomli monografiyalari, shuningdek 2002–2025-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) ro‘yxatiga kiritilgan nufuzli ilmiy jurnallarda e’lon qilingan, turk tilshunosligi va badiiy tarjima muammolariga bag‘ishlangan qirqqa yaqin ilmiy maqolalari jamlangan. Ushbu materiallar mazmun-mundarijasi va tadqiqiy yondashuvining chuqur ilmiy saviyasi bilan bir butun, yaxlit fundamental monografik tadqiqot sifatida e’tirof etiladi.

Bugun muallif universitetga tashrif buyurib, mazkur kitobni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinovga taqdim etdi. Uchrashuv chog‘ida kitobning ilmiy ahamiyati, unda yoritilgan masalalarning dolzarbligi hamda turk tilshunosligi va tarjimashunoslik sohalarini rivojlantirishdagi o‘rni xususida fikr almashildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube