UNIVERSITETDA “ENG YAXSHI KREATIV G‘OYA” TANLOVINING UNIVERSITET BOSQICHI O‘TKAZILDI
3-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida innovatsion g‘oyalar, startap loyihalar va kreativ tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovining universitet bosqichi muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar va talabalar o‘rtasida startap loyihalarni rivojlantirish, innovatsion hamda kreativ g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar, shuningdek Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘i hamda universitet rektorining qarori asosida o‘tkazildi.
Tanlovning universitet bosqichida barcha fakultetlarda o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘olib deb topilgan talabalar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdilar. Ishtirokchilar tomonidan yangi mahsulot va xizmatlar yaratish, mavjud muammolarga innovatsion yechimlar taklif etish, startap loyihalarni shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan kreativ g‘oyalar ilgari surildi.

Tanlov davomida har bir ishtirokchi o‘z loyihasini taqdimot shaklida himoya qilib, tanlov komissiyasi tomonidan innovatsionlik darajasi, amaliy ahamiyati, ijtimoiy foydasi, iqtisodiy samaradorligi hamda joriy etish imkoniyatlari kabi mezonlar asosida baholandi.
Yakunda eng yuqori natijalarni qayd etgan loyihalar saralab olinib, tanlovning keyingi — Respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.