Xalqaro jurnalistika fakultetida tajriba almashuviga boy ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida sohaning yetuk vakillari ishtirokida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati mas’ul xodimi Aziza Qurbonova, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi "Yoshlar" telekanali bosh muharriri G‘ayrat Qurbonov, "Yoshlar" telekanali katta muharriri Nodir Shamsiddin hamda "Yangi O‘zbekiston" gazetasining adabiy kotibi Abdulfayzov Xayriddin Murod ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining bugungi kundagi rivojlanish yo‘nalishlari, jurnalistika sohasidagi yangi tendensiyalar, axborot tezligi va aniqligi, material tayyorlash jarayonidagi professionallik, tahririyatlarda ishlash tajribalari haqida atroflicha so‘z yuritdilar.
Aziza Qurbonova Prezident matbuot xizmati faoliyati, rasmiy axborotni tayyorlash va tarqatishdagi mas’uliyat va ehtiyotkorlik haqida batafsil ma’lumot berdi. G‘ayrat Qurbonov va Nodir Shamsiddin esa yosh jurnalistlarga televideniye sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, kontent yaratuvchilikdagi yangiliklar, reportaj va dastur tayyorlash sir-asrorlari haqida o‘z tajribalarini ulashdilar. Shuningdek, Abdulfayzov Xayriddin Murod matbuotda adabiy tahrirning ahamiyati, materiallar uslubi va saviyasini oshirish borasidagi tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tajribali mutaxassislardan amaliy maslahatlar oldilar. Uchrashuv nafaqat nazariy bilimlarni boyitdi, balki amaliy ko‘nikmalarni oshirishga ham xizmat qildi.