Xitoy, Yaponiya va Koreyaga yo‘l olayotganlar bilan uchrashuv
25-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov rahbarligida xorijiy davlatlarga yo‘l olayotgan o‘qituvchi, doktorant va talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida ularga kelgusidagi ta’lim va izlanish jarayonlarida muvaffaqiyatlar tilanib, yurtimiz nufuzini yuksaltirish yo‘lida mas’uliyat bilan ish olib borish zarurligi ta’kidlandi.
2025/2026 o‘quv yilida universitetning jami 42 nafar o‘qituvchi, doktorant va talabalari xorijiy davlatlarda o‘z ta’lim va ilmiy izlanish faoliyatini davom ettiradilar. Ularning asosiy yo‘nalishlari sifatida Xitoy, Yaponiya va Koreya Respublikasi belgilangan bo‘lib, ishtirokchilar 1 yil va 1 semestr mobaynida turli dasturlarda tahsil oladilar.
Mazkur xalqaro ta’lim almashinuvlari doirasida talaba va tadqiqotchilar xorijiy tajribaga ega bo‘lish, til va kasbiy mahoratini oshirish, hamkor universitetlarda amaliy izlanishlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilar uchun ham akademik hamkorlik va ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari yaratiladi.
Ma’lumot uchun:
- Xitoy – Xitoy hukumati granti, Shanxay hamkorlik tashkiloti granti va Liaodong universiteti asosida talabalar o‘qish va yashash xarajatlari bilan ta’minlanadi. Ayrim hollarda aviabilet xarajatlari talabalar tomonidan qoplanadi.
- Yaponiya – 18 nafar talaba o‘qishga yuborilmoqda. Ulardan 5 nafari MEXT granti asosida to‘liq grantda, 2 nafar doktorant va 11 nafar talaba esa JASSO dasturi asosida tahsil oladi. Ayrim talabalar oyiga 700–1000 AQSh dollarigacha stipendiya oladi.
- Koreya – 3 nafar talaba Sunchon universitetida 1 semestr davomida tahsil oladi. O‘qish va yashash xarajatlari Koreya tomonidan qoplanadi.