Yaponiya TIVning Faxriy yorlig‘i topshirildi

6-fevral kuni Yaponiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hirata Kendzi rezidensiyasida muhim marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Yapon filologiyasi kafedrasi dotsenti Ibragimova Malika Yaponiya Tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.

Mazkur mukofot Yaponiya va boshqa davlatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash, xususan, yapon tilini o‘qitish va targ‘ib qilish borasida alohida xizmat ko‘rsatgan shaxs va tashkilotlarga beriladi.

Ta’kidlash joizki, Malika Ibragimova yapon tili va madaniyatini O‘zbekistonda rivojlantirishga 30 yildan ortiq vaqt davomida munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U pedagogik faoliyati davomida o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro ta’lim loyihalarida ishtirok etish hamda tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullangan. Shuningdek, Yaponiya xalqaro almashinuv jamg‘armasi doirasidagi uzoq va qisqa muddatli o‘quv dasturlarida qatnashib, o‘z malakasini muntazam oshirib kelgan.

Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Tuxtasinov hamda universitet vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Marosim O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Ushbu e’tirof ko‘p yillik samarali mehnat va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalariga qo‘shilgan munosib hissaning yuksak bahosi bo‘ldi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube