12-yanvar kuni 283-umumiy ta’lim maktabida ingliz tili to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti tashkil etildi. Mashg‘ulot O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz filologiyasi fakulteti, Ingliz tili nazariy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi S. Mannonova rahbarligida, 4-bosqich talabalari S. Boynazarova va N. Rustamova tomonidan olib borildi.
Mazkur dars “Introduction to Mysteries & Legends” mavzusiga bag‘ishlanib, o‘quvchilarning ingliz tilida muloqot qilish, matnni tushunish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Mashg‘ulot davomida o‘quvchilar sirli voqealar va afsonalarga oid yangi so‘z va iboralarni o‘zlashtirib, matnlar asosida tinglab va o‘qib tushunish (listening & reading) malakalarini mustahkamladilar. Shuningdek, afsona va sirli hikoyalar yuzasidan ingliz tilida erkin fikr bildirish orqali og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirdilar.

Dars jarayonida “How much / How many” grammatik mavzusi kundalik hayotga oid misollar orqali tushuntirildi. O‘quvchilar sanaladigan va sanalmaydigan otlar bilan bog‘liq savollar tuzish hamda ularni nutqda to‘g‘ri qo‘llashni amaliy mashqlar asosida o‘rganib, bilimlarini mustahkamlashga erishdilar.
Mazkur mashg‘ulot o‘quvchilarning ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularning til o‘rganish jarayonida faol va ijodiy ishtirok etishiga ijobiy turtki bo‘ldi.