18-aprel kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari unversitetida “Maʼrifatning buyuk yoʻli” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Mazkur maʼnaviy-maʼrifiy dastur OʻzDJTU akademik litseyi oʻqituvchi va oʻquvchi yoshlari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi 462-sonli qarori asosida, yurtimizda keng miqyosda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni mazmunan boyitish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Respublikamizdagi barcha akademik litseylarning tarix, ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari, tadqiqotchi, izlanuvchan oʻquvchi yoshlar bevosita hamda masofaviy ishtirok etishdi.
Shuningdek, konferensiyada pedagogika sohasi vakillari, fidoyi professor-oʻqituvchilari, xorij mamlakatlaridan tashrif buyurgan qadrli mehmonlarimiz, jumladan, Turkiya elchixonasi vakillari va Ege Universiteti dotsenti Ilmaz Oʻzkaya hamda AQSH Texas shtatidan Russell Xaley Danielle xonim ham qatnashdi.
Anjuman davomida adabiyot ilmi olimlari oʻz nutqlari, chiqishlari orqali dastur ishtirokchilariga qimmatli ma’lumotlar taqdim etishdi.
Behbudiy hazratlari ajdodlarimizni zulmatdan nur sari yetaklagan, milliy oʻzlik va uygʻonish yoʻlida sobit qadam yurgan, oʻz umrini maʼrifatga, millatga bagʻishlagan ulugʻ siymodir. Bobokalonimiz xotirasiga bagʻishlangan mazkur tadbir barchada yuqori taassurot qoldirdi.