ANGREN FAKULTETIDA “RAHBAR VA YOSHLAR” UCHRASHUVI BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinovning Angren fakultetiga tashrifi doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda universitet rahbariyati vakillari, fakultet dekani I. Bazarov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida fakultet dekani I. Bazarov so‘zga chiqib, fakultetda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayonining tashkil etilishi va ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, talabalarning bilim olishi, o‘z salohiyatini namoyon etishi va fakultet hayotida faol ishtirok etishi uchun mavjud imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi.
Muloqot avvalida birinchi bosqich talabalari bilan tanishuv bo‘lib, ularning universitetdagi ilk taassurotlari, ta’lim jarayoni va talabalik hayotiga oid fikrlari tinglandi. O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov yoshlar bilan ochiq muloqot qilib, ularning taklif va murojaatlari bilan qiziqdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, mavjud muammolar va kelgusidagi rejalari yuzasidan fikr bildirish imkoniga ega bo‘ldi.
Uchrashuv davomida universitet rahbariyati vakillari o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarning savollariga javob berib, bildirilgan taklif va murojaatlarga munosabat bildirdi. Yoshlarni qiziqtirgan masalalar muhokama qilinib, ta’lim jarayoni, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning tashabbuslarini amalga oshirish va universitet hayotidagi faolligini oshirish bilan bog‘liq fikrlar o‘rtoqlashildi.

Rektor Ilxomjon Tuxtasinov talabalar bilan muloqotda ularning fikr va takliflari muhim ekanini ta’kidlab, yoshlarning tashabbuslarini doimiy qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish hamda muammolariga yechim topishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, talabalarni bilim olishga intilish, o‘z ustida muntazam ishlash, berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va universitet hayotida faol ishtirok etishga chorladi.
Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Bunday uchrashuvlar talabalar bilan bevosita muloqot o‘rnatish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish hamda yoshlar uchun yanada qulay ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan masalalarni muhokama qilish imkonini beradi.