“Eng faol kitobxon” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
2025-yil 29-noyabr kuni Ingliz tilini o‘qitish metodikasi-3 kafedrasi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Kafedra o‘qituvchilari N. Sultonova va Sh. Samanova tashabbusi bilan Chilonzor tumani 164-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar ishtirokida “Eng faol kitobxon” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchilar orasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlarni mustaqil fikrlashga undash hamda eng faol kitobxonlarni rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi. Suhbat davomida o‘qituvchilar tomonidan kitobning shaxs rivojlanishidagi o‘rni, ma’naviy dunyoni boyitish va dunyoqarashni kengaytirishdagi ahamiyati haqida qiziqarli ma’ruzalar qilindi.
Tadbir yakunida amaliy natijalarga ham erishildi. Jumladan, maktab ma’muriyati va kafedra vakillari kelgusida o‘quvchilarning kitobga qiziqishini oshirish maqsadida muntazam ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy kechalar va kitob taqdimotlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Shuningdek, maktabda doimiy ravishda “Eng faol kitobxon” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish, g‘oliblarni kitoblar, diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlash tizimini joriy etish belgilandi.
Ushbu davra suhbati yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularning intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.