Erasmus+ dasturi doirasida xalqaro akademik hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Joriy yilning 20–24-aprel kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Roman-german filologiyasi fakulteti katta o‘qituvchisi R. Turdikulova Erasmus+ KA171 Staff Mobility dasturi doirasida Ispaniyaning Castilla-La Mancha universitetida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif davomida Toledo kampusida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar va akademik uchrashuvlarda ishtirok etdi. Shuningdek, mezbon universitet professor-o‘qituvchilarining darslari kuzatilib, zamonaviy pedagogik metodlar, interfaol yondashuvlar hamda ilg‘or xorijiy tajribalar bilan yaqindan tanishdi.
R. Turdikulova tomonidan universitet talabalari uchun ispan tilini xorijiy til sifatida o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Dars jarayonida kommunikativ yondashuv, til ko‘nikmalarini rivojlantirish va samarali o‘qitish usullariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur akademik almashinuv doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib, o‘zaro tajriba almashish va ta’lim jarayoniga ilg‘or yondashuvlarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.