Indoneziya ta’lim universiteti prorektorining O‘zDJTUga tashrifi
2026-yil 5-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Indoneziya ta’lim universitetining ilmiy ishlar, jamoatchilik bilan aloqalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Prof. Dr. Agus Setiabudi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmonni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov kutib oldi. Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor Abduvali Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Xusanboy Yuldashev, ushbu bo‘lim yetakchi mutaxassisi Durdona Xodjabekova hamda 1-ingliz tili fakulteti dekani Guli Ergasheva ishtirok etdi.
Muloqot davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim va ilmiy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, O‘zDJTUga indonez tili bo‘yicha o‘qituvchilarni jalb etish, Toshkentdagi Indoneziya elchixonasi ko‘magida indonez tili bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlash, shuningdek, universitetda Indonez tili markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zDJTUning ingliz va indonez tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, universitet huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda qo‘shma malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zDJTUda indonez tilini o‘rganayotgan talabalar uchun qisqa muddatli hamda bir semestr davomida Indoneziyada tahsil olish imkonini beruvchi grantlar ajratish, shuningdek, indoneziyalik talabalar uchun universitet bazasida yozgi lager tashkil etish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasidagi aloqalarni rivojlantirish borasida kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashdilar.